Tuproq

Tuproq analizi uchun namuna olish tartibi

Shuhrat Abrorov4 daqiqalik o'qish

Tuproq namunasi olish — amaliy tartib.

Yangi bog' yoki mavjud bog' uchun tuproq analiziga namuna tayyorlash.

Namuna qancha to'g'ri olinsa, tavsiya shuncha aniq bo'ladi. Maqsad — maydonni to'liq aks ettiruvchi namuna olish: ko'p nuqtadan yig'ib, yaxshilab aralashtirib, yagona aralash namuna tayyorlanadi.

Qadamlar

  1. Maydonni bo'ling. Maydon kattaligiga qarab 5, 10 yoki 20 gektarli kartalarga bo'linadi. Bir namuna oladigan eng katta maydon — 20 gektar. 100 gektarli maydonni 20 gektardan 5 ta qismga bo'lib har biridan alohida namunalar 4 yoki 6 ta chuqurdan olinadi. Tuproq hamma joyda bir xil bo'lsa, namunalar sonini kamaytirish mumkin (100 gektarli joydan kamida 5 ta 30 sm va 5 ta 60 sm li bo'lishi shart). Tuproq turi o'zgarsa darhol alohida namuna olinadi.
  2. Har kartada nuqtalarni belgilang. Kartani yaxlit holda 6 nuqtaga bo'ling (maydon katta bo'lsa — 8 nuqta). Nuqtalar maydon bo'ylab bir tekis va bir xil masofada bo'lishi kerak.
  3. Chuqur qazing. Har nuqtada ekskavator bilan 1,5 metr chuqurlikda chuqur qaziladi. Chuqurning ikki vazifasi bor: (a) tuproq profilini ko'rish (qatlamlar, ohak, zich qatlam, ildiz chuqurligi) va (b) analiz uchun namuna olish.
  4. Ikki qatlamdan namuna oling. Har chuqurdan turli taraflardan 1–2 xovuchdan tuproq oling:
    0–30 sm qatlam → «30» chelakka;
    30–60 sm qatlam → «60» chelakka.
    90–100 sm dan namuna olish shart emas — so'ruvchi ildizlar yuqori qatlamda o'sadi va pastki qatlam unumdorligi juda past bo'ladi.
  5. Kartaning hamma chuqurlaridan olingan namunalarni yig'ing. Bir kartadagi barcha nuqtalardan 0–30 namunalari bir chelakka, 30–60 namunalari boshqa chelakka to'planadi.
  6. Aralashtiring va 1 kg tuproq namunasini oling. Karta tugagach, har chelakdagi tuproq to'kilib yaxshilab aralashtiriladi; undan 1 kg aralash namuna olinadi. Mayda tosh va shag'al qo'shish mumkin emas. Maydonni boshqa kartalarini ham shu usulda o'rganing va namunalarni oling.
  7. Belgilang va jo'nating. Namuna ichiga karta kodi/nomi va chuqurlik yozilgan qog'oz solinadi va analizga jo'natiladi.

Chuqurlik va chelak

QatlamChelakIzoh
0–30 sm«30» chelakAsosiy so'ruvchi ildiz zonasi
30–60 sm«60» chelakIkkinchi ildiz zonasi
90–100 smolinmaydiIldiz kam, unumdorlik past — natijaga ta'sir qilmaydi

Natija: har kartadan 2 ta aralash namuna — 0–30 sm va 30–60 sm; har biri o'sha kartadagi 4-6 nuqtadan yig'ilgan.

Amaliy maslahatlar

  • Chelaklar toza bo'lsin: o'g'it yoki kimyoviy vositalar qoldig'i namunaga aralashmasligi kerak.
  • Turli tarafdan oling: har qatlamdan 1–2 xovuch — namuna maydonni to'liq aks ettiradi.
  • Qatlamlarni aralashtirmang: 0–30 va 30–60 hech qachon bir chelakka tushmasligi kerak.
  • Belgi namuna ichida: qog'oz yozuv namuna xaltasi ichiga solinadi (tashqarisiga ham qo'shimcha ravishda yozish mumkin). O'zingiz uchun ham qaydlarni saqlab qo'ying.

O'zbekiston sharoiti uchun

  • Chuqur — eng muhim qadam: karbonatli tuproqda u ohak qatlami, zich qatlam (plujnaya podoshva), sizot suvi va tuz qatlamini ko'rsatadi — bularni faqat tuproq tahlili raqamlaridan bilib bo'lmaydi.
  • Profilda nimani ko'rish kerak: faol ohak bo'lsa uning chuqurligi, ildiz uchun turli to'siqlar mavjudligi, namlik va tuzli qatlam — bular payvandtag va drenaj qaroriga bevosita ta'sir qiladi.
  • Suvni ham analizga topshiring: tuproq namunasi bilan birga sug'orish suvi (kanal yoki skvajina) ni ham topshiring — tuproq + suv birgalikda to'liq baho beriladi.

Eslatma: noto'g'ri olingan namuna — noto'g'ri tavsiyaga olib keladi. Namunaning sifati butun tahlilning asosidir.

  • Begona o'tlar: Joy tanlashda o'simliklarning tabiiy o'sishiga qarang. Begona o'tlarning baland va zich bo'lishi — tuproq unumdorligi va namlik zaxirasining yaxshi ekanligidan dalolat beradi.
  • Topografik o'rganish: Qiyaliklarda eroziya xavfi borligi uchun yuqori, o'rta va pastki qismlaridan alohida namunalar olish kerak (tuproq qatlami pastga qarab qalinlashishi mumkin).
  • Sizot suvi chuqurligini va suv to'planish joylarini yomg'irdan keyin kuzatib belgilang.
  • Sug'orish suvini ham tahlil qildiring (ayniqsa quduq suvi — sho'r suvli qatlamga tushish xavfi bor): pH, sho'rlanish, natriy va SAR, bor, xlor, bikarbonat. Bu tuzli/borli suv sekin-asta tuproqni buzishini oldindan ko'rsatadi.

Asosiy qoida: "Ildiz – daraxtning poydevori"

Bog'dorchilikda bir qoidani unutmaslik lozim: Ildiz tizimi qanchalik keng va sog'lom bo'lsa, daraxtning hosildorlik salohiyati shunchalik yuqori bo'ladi. Agar ildizlar suv to'planishi sababli nafas ololmasa, fotosintez jarayoni pasayadi, ozuqalar o'zlashtirilmaydi va natijada butun bog'ning rivojlanishi ortga ketadi.

Unutmang: Daraxtning yer ustki qismi ikki marta katta bo'lib, ildiz kichik bo'lishi mumkin emas. O'sishni ildizlar belgilaydi!

Laboratoriya tuproq tahlilida albatta so'rang:

  • Mexanik tarkib
  • Faol CaCO₃ (nafaqat umumiy)
  • pH ishqoriylik
  • EC (sho'rlanish)
  • Gumus
  • Harakatchan Fe/Zn/B
  • Kation almashinuv sig'imi (KAS)
  • Almashinuvchi kationlar (Ca, Mg, K, Na).

Boshqa maqolalar

Bog'ingiz uchun ko'chat tanlamoqchimisiz?

Navlar katalogi bilan tanishing yoki mutaxassislardan bepul maslahat oling.